Texnikumlarda o‘quvchilarni kasbga tayyorlash va daromad qilishga o‘rgatilmoqda
2025-05-28 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari rahbarlari hamda kasbiy ta’lim muassasalari direktorlaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etdi.
Farg‘ona viloyati hokimligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminarda Marg‘ilon shahri, Uchko‘prik va Beshariq tumanlaridagi politexnikumlar bazasida viloyatdagi 63 ta texnikum jalb etildi. Tadbir davomida ishtirokchilarga texnikumlarda o‘quvchilar ishtirokida yo‘lga qo‘yilgan 60 dan ortiq yo‘nalishdagi mahsulotlar va xizmat ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha ko‘rgazmalar namoyish etildi.
Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad – budjetdan tashqari mablag‘ topish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, kasb-hunarga o‘qitishning amaliyotga yo‘naltirilgan modelini mustahkamlash hamda o‘quvchilarni ishlab chiqarish jarayoniga faol jalb etishdan iborat.
Bugungi kunga kelib, Farg‘ona viloyatidagi 43 ta texnikumda quyidagi yo‘nalishlarda mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan:
- Mahsulot ishlab chiqarish: payvandlash, tikuvchilik, elektromontyorlik, mebel yig‘ish, asalarichilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yog‘ochga ishlov berish, baliqchilik, yem ishlab chiqarish va boshqalar.
- Xizmat ko‘rsatish: oshpazlik, sartaroshlik, mehmonxona xizmati, avtomobil ta’miri, reklama dizayni, xorijiy tillar o‘qitish, IT-sohasida apparat va dasturiy ta’minotni sozlash.
Mazkur faoliyatlar natijasida jami 3 milliard so‘mdan ortiq budjetdan tashqari mablag‘ shakllantirilgan. Ushbu mablag‘lar o‘quvchilarga ish haqi to‘lash, shuningdek, texnikumlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilmoqda.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tajriba almashish, mavjud amaliyotlarni boshqa hududlarga tatbiq etish bo‘yicha fikr almashdilar.









