“Orol dengiziga poyezd”: 600 nafardan ortiq faol yoshlar ekologik ekspeditsiyada ishtirok etmoqda
2025-05-28 17:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Ilk bor tashkil etilgan mazkur aksiya Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va boshqa tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Aksiya ishtirokchilari Nukus va Mo‘ynoq tumanlariga tashrif buyurib, Orolbo‘yi hududidagi ekologik inqiroz oqibatlari, mavjud muammolar va ularni yumshatish yo‘nalishida olib borilayotgan tiklanish ishlari bilan bevosita tanishadilar.
Tashrif davomida qatnashchilar Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi, Mo‘ynoqqa sayohat doirasida esa “Orol dengizi tarixi muzeyi”, kemalar qabristoni va boshqa ob’ektlarga borib, o‘z ko‘zlari bilan vaziyatni o‘rganadilar.
“Yashil makon” umummilliy tashabbusi doirasida yoshlar “AralForest” va “GreenAralSea” loyihalarida ishtirok etib, sho‘r va qumli hududlarga mos o‘simliklar ekish ishlarini amalga oshiradi. Bu orqali ular ekologik barqarorlikni tiklashga bevosita hissa qo‘shadilar.
Aksiya doirasida ekologiya, iqlim o‘zgarishi va barqaror turizm mavzularida taqdimotlar, seminar-treninglar, madaniy-ma’rifiy dasturlar, davra suhbatlari hamda ijodiy uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ishtirokchilar tomonidan tayyorlanadigan “EcoVlog” va “OrolDiary” ruknidagi kontentlar orqali aksiya jarayonlari ijtimoiy tarmoqlarda #OrolgaPoyezd, #OrolBizniki va #YoshlarOroluchun xeshteglari ostida keng yoritiladi.







