“Gyeongsangbuk-do” iqtidorlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi
2025-05-22 10:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamovning kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi texnologik hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidlab, yangi markaz startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-amaliy aloqalarni rivojlantirish hamda yoshlar salohiyatini yuzaga chiqarish yo‘lida muhim qadam bo‘lishini alohida qayd etdi.
Marosimda “Gyeongsangbuk-do” provinsiyasi Siyosiy byurosi direktori Jeong Seong Hyun ham so‘zga chiqib, mazkur tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash va innovatsion taraqqiyot sari dadil intilayotgan yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratishini bildirdi.
Tadbir davomida “Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparki va “Gyeonbuk Technopark” o‘zaro anglashuv hamda hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan memorandumni imzoladilar.
So‘ng, tadbir doirasida ramziy daraxt ekish marosimi o‘tkazilib, tomonlar bu harakatni ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va barqaror taraqqiyot sari yo‘naltirilgan mustahkam hamkorlik ramzi sifatida namoyon etdilar.
Shuningdek, tomonlar ta’lim va innovatsiyalar sohasida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalarini muhokama qildilar.









