“TalabaExpo–2025” ko‘rgazmasi birinchi kun sarhisobi
2025-05-21 18:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastlab, ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tkazilib, ko‘rgazma bilan tanishtirildi. Shundan so‘ng “Bitiruvchilar kuni”ga bag‘ishlangan “Talaba – kelajak” ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali ochilishda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, “O‘zMilliybank” AJ Kelajakka qadam markazi direktori Elmurod Hoshimov, “Aloqabank” ATB boshqaruv raisi maslahatchisi Alisher Qurbonov hamda Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Nodira Shotursunova yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Ko‘rgazmaning asosiy qismi bitiruvchi talabalarga mo‘ljallangan bo‘lib, “O‘zMilliybank” AJ tomonidan 5 ming nafarga yaqin yoshlarga interaktiv ko‘rgazmalar orqali bandlik va biznes boshlash imkoniyatlari namoyish etildi.
Tadbir davomida, shuningdek “Nufuzli universitetlarga kirish: haqiqat va afsonalar” mavzusida seminar-trening, “TalabaStartUp Pitch” tanlovi ochilish marosimi va taqdimotlar, Karera, “brending” va “soft skills” bo‘yicha mahorat darslari, “Vericase” keyslar tanlovi, “Ochiq mikrofon” ijodiy bahs-munozara hamda madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
Sarhisobga ko‘ra, dastlabki kunda 700 dan ortiq ish beruvchi yirik korxona va tashkilotlar vakillari hamda 18 mingdan ortiq bitiruvchi ko‘rgazmaga tashrif buyurdi. Tadbir yoshlar uchun manfaatli va daromadli ish o‘rinlarini topish uchun qulay platformaga aylandi.
“TalabaExpo–2025” 22-, 23-may kunlari ham davom etadi.
Manzil: Toshkent sh., Olmazor t., Universitet ko‘chasi
Mo‘ljal: Beruniy metro, Zakovat arena









