“Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovining respublika bosqichiga rasman start berildi
2025-05-21 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ochilish marosimida Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi, Innovatsion rivojlanish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati va mas’ullari, shuningdek, tanlovda ishtirok etuvchi talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi Oqil Salimov kirish so‘zi bilan ochib, “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovi yil sayin o‘z ko‘lamini kengaytirib, yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otayotgan nufuzli loyihaga aylanganini alohida ta’kidladi. 2022–2025-yillar mobaynida tanlovda 166 ming nafardan ortiq iqtidorli yoshlar ishtirok etgani buning yorqin isbotidir.
Joriy yilgi tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan 11 913 nafar yosh tuman (shahar) bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Tanlov an’anaga muvofiq, mamlakatimizning barcha hududlarida uch bosqichda tashkil etildi:
1-bosqich — tuman/shahar darajasida o‘tkazilib, 1 015 nafar g‘olib aniqlandi;
2-bosqich — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida tashkil etilib, 280 nafar g‘olib saralab olindi;
3-bosqich, ya’ni respublika bosqichida esa aynan shu 280 nafar yosh orasidan 100 nafar eng munosib ishtirokchi g‘olib deb topiladi.
G‘oliblar bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Tanlov doirasida ishtirokchilar o‘z loyihalarini yosh toifalari va yo‘nalishlari bo‘yicha taqdim etdilar:
16–19 yosh va 20–25 yosh toifalari,
texnika va ijtimoiy yo‘nalishlar bo‘yicha.
G‘oliblar ham aynan shu toifaviy taqsimotga asosan belgilangan kvotaga muvofiq tanlab olindi.








