Axborot-resurs markazi xodimlari “Axborot-kutubxona a’lchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
2025-05-17 10:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur anjumanda Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Omon Sultonligi, Rossiya, Bolgariya, Belorus, Malayziya, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kabi 11 ta davlatdan kelgan xorijiy ekspertlar, shuningdek, 400 nafardan ortiq mahalliy kutubxona sohasi mutaxassislari onlayn va oflayn ishtirok etdi.
Tadbir doirasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, kutubxonachilik faoliyatining zamonaviy yo‘nalishlari, sohadagi dolzarb muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan ilmiy sho‘balar, amaliy seminarlar va mahorat darslari tashkil etildi.
Bu yilgi konferensiya avvalgi yillardagilardan farqli ravishda, asosan, kitob va kitobxonlikning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, kutubxonachi kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish masalalari, kutubxonalarda ilmiy-metodik faoliyat holati, bibliografiya, sun’iy intellekt va ilmiy tadqiqotlarda xalqaro axborot resurslaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiya doirasida axborot-kutubxona sohasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh ilg‘or mutaxassislar “Axborot-kutubxona a’lchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Jumladan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi axborot-resurs markazlarining quyidagi 6 nafar rahbar va yetakchi mutaxassisi ushbu mukofotga loyiq deb topildi:
Reyimbayeva Sayyora Jumaboyevna – Beruniy tumani 1-sonli politexnikumi;
Sohibova Dilfuza Tojiboyevna – Vobkent tumani 2-sonli politexnikumi;
Matakova Gulnora Ibragimovna – Qoraqalpoq davlat universiteti;
Ahmedova Muxtaramxon Sanzharovna – Andijon davlat tibbiyot instituti;
Garibyan Regina Ruslanovna – Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti;
Qayumova Saida Irg‘ashevna – O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Mazkur faxriy nishon axborot-resurs markazlari faoliyatini rivojlantirish, foydalanuvchilarga sifatli axborot xizmatlarini ko‘rsatish va kutubxonachilik sohasida innovatsion yondashuvlarni joriy etishdagi yuksak xizmatlari uchun berildi.
Shuningdek, anjumanda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Kasbiy ta’limni rivojlantirish departamenti yetakchi mutaxassisi Komiljon Mavlyanov G‘iyosovich “Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston SSRda kutubxonachilik ishi tarixi” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi.





