Prezident islohotlarini amalga oshirish, ta’lim sifatini ta’minlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish ustuvor vazifamiz
2025-05-16 19:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Prezident tomonidan yoshlar boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan “Dolzarb 90 kunlik” dasturi eʼlon qilindi. Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida yigʻilish oʻtkazilib, uni vazirning birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev va vazir o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov olib bordi.
Yigʻilishda oliy taʼlim muassasalari rektorlari hamda Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektorlar bilan taʼlim muassasalarida yozgi taʼtil davrini samarali tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi muhokama qilindi.
Dastur doirasida quyidagi ustuvor yoʻnalishlar belgilab berildi:
– Barcha OTMlarda yozgi taʼtil davrida sport maydonlari, toʻgaraklar va laboratoriyalar faoliyatini taʼminlash, ulardan mahalliy yoshlar ham foydalanishiga imkoniyat yaratish;
– Sanʼat va adabiyot kechalari, intellektual oʻyinlar, ijod markazlari va maʼnaviy-maʼrifiy kontentlar yaratish faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
– Zamonaviy kasbiy koʻnikmalarni oshirishga qaratilgan IT, dasturlash, animatsiya, robototexnika va moliyaviy savodxonlik kurslarini tashkil etish;
– “Vatan boʻylab sayohat qil!” loyihasi doirasida 200 ming talabaning madaniy va tarixiy obidalarga tashrifini tashkil qilish;
– Bitiruvchi va yuqori bosqich talabalar uchun “Karyera kuni” mehnat yarmarkalarini oʻtkazish, ularni tadbirkorlikka jalb etish;
– “Bunyodkor yoshlar” talabalar qurilish otryadlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali yoshlarni amaliy mehnatga jalb qilish.
Bu vazifalarni amalga oshirishda oliy taʼlim muassasalari rahbarlari va prorektorlar shaxsan masʼul hisoblanadi. Shuningdek, mazkur dasturni muayyan qolipda amalga oshirish emas, balki tashabbuskorlik va yangicha yondashuvlar asosida boyitish muhim ekani taʼkidlandi.









