HBMSU delegatsiyasi bilan uchrashuv: innovatsion ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlik kengaymoqda
2025-05-16 16:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Mehmonlarni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev hamda Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyev qabul qildilar.
Uchrashuv davomida HBMSU faoliyati haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, universitet 2002 yilda Dubay valiahd shahzodasi Shayx Hamdan Bin Muhammad Bin Rashid Al Maktum homiyligida tashkil etilgan bo‘lib, arab dunyosida akkreditatsiyadan o‘tgan birinchi aqlli universitet sifatida tan olingan.
HBMSU ta’lim jarayoni biznes boshqaruvi, salomatlik va atrof-muhit, shuningdek, elektron ta’lim yo‘nalishlarini qamrab olgan holda tashkil etilgan.
Muloqot davomida delegatsiyaning O‘zbekiston Milliy universiteti, Innovatsion texnologiyalar universiteti, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati bilan o‘tkazgan uchrashuvlari yakunlari muhokama qilindi. Xususan, qo‘shma ta’lim dasturlari va innovatsiyalar sohasida istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari, shuningdek, zamonaviy xalqaro ta’lim maydonidagi so‘nggi tendensiyalar, xususan, raqamli ta’limni rivojlantirishning afzalliklari va istiqbollari borasida ham fikr almashildi.
Rektor Mansur Alavar o‘z nutqida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlarini HBMSUga amaliy tashrif buyurib, universitet faoliyati bilan yaqindan tanishishga taklif etdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan erishilgan kelishuvlar bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.






