Uxanda jahon taʼlimining raqamli kelajagi muhokama qilinmoqda
2025-05-15 14:35:00 / Vazirlik yangiliklari

14–16-may kunlari boʻlib oʻtadigan mazkur nufuzli xalqaro anjuman Xitoy Xalq Respublikasi Taʼlim vazirligi, YUNESKO ishlari boʻyicha Xitoy milliy komissiyasi va Xubey viloyati xalq hukumati hamkorligida tashkil etilmoqda. Tadbirning bosh tashkilotchilaridan biri – Uxan universiteti (WHU) boʻlib, universitet doirasida bir qator muhim uchrashuvlar va taqdimotlar oʻtkazilmoqda.
Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov ishtirok etmoqda.
“Rivojlanish va transformatsiya: Intellektual davrda taʼlim” shiori ostida oʻtayotgan tadbirda intellektual texnologiyalar, sunʼiy intellekt imkoniyatlari, taʼlimda raqamli yechimlar hamda global hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xalqaro tashkilotlar, universitetlar, ilmiy markazlar va xususiy sektor vakillari yangi taʼlim modellari, sunʼiy intellekt savodxonligi va intellektual taʼlimning axloqiy tomonlari haqida chiqish qilmoqdalar.
Konferensiya doirasida WHU kampusida ikki muhim koʻrgazma ham oʻtkazilmoqda. Birinchisi – Xubey provinsiyasidagi oliy taʼlimning raqamli yutuqlari koʻrgazmasi boʻlib, unda yangi infratuzilmalar, taʼlim texnologiyalari va intellektual yondashuvlar namoyish etilmoqda. Ikkinchisi – Uxan universitetining raqamli taʼlim sohasidagi innovatsiyalari va iqtidorli kadrlar tayyorlashdagi yutuqlarini aks ettiradigan maxsus ekspozitsiyadir.
WHU oʻzining intellektual va texnologik salohiyatini namoyon etar ekan, butun dunyodan tashrif buyurgan mutaxassislar va mehmonlar uchun ochiq muloqot, ilmiy hamkorlik va tajriba almashinuvi uchun samarali maydon yaratib bermoqda. Ushbu anjuman jahon taʼlimida raqamli transformatsiya jarayonlariga muhim turtki boʻladi, deb umid qilinmoqda.









