Neft va gaz sohasida ta’lim-ilm-fan hamkorligi
2025-05-14 14:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad – Prezident rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashdir. Bu hamkorlik “tarmoq–korxona–oliygoh” zanjiri asosida neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish integratsiyasini nazarda tutadi.
Hamkorlik doirasida qator yo‘nalishlarda amaliy tadbirlar rejalashtirilgan:
• “O‘zbekneftgaz” AJ va xorijiy ta’lim muassasalari bilan birgalikda tashkil etiladigan bakalavriat va magistraturaga qabul jarayonlarini hamkorlikda shakllantirish;
• Dual ta’lim tizimini joriy etish, ya’ni nazariy bilimni oliygohda, amaliy ko‘nikmalarni esa korxonalarda olish tizimini yo‘lga qo‘yish;
• Ilmiy ishlar va tadqiqotlarni sanoatga integratsiyalash, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash;
• “Raqamli neft-gaz” kabi ilg‘or texnologiyalar yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish;
• Tanlovlar va ko‘rgazmalar orqali eng yaxshi ilmiy loyihalarni moliyalashtirish.
• Ta’lim jarayonlariga sanoat mutaxassislarini jalb etish, ilmiy mavzularni shakllantirish.
“O‘zbekneftgaz” AJ esa talabalar va ilmiy xodimlar uchun ishlab chiqarishda amaliy stajirovka imkoniyatlarini yaratadi, iqtidorli talabalarga stipendiyalar joriy etadi hamda ilmiy-tadqiqot natijalarini tajriba sinovidan o‘tkazish va tijoratlashtirishda ishtirok etadi.
Ushbu memorandum neft va gaz sanoatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lib, ta’lim, fan va ishlab chiqarish o‘rtasida uzviy bog‘lanishni shakllantirishga xizmat qiladi. Hamkorlikdan ko‘zlangan natija – raqobatbardosh kadrlar, amaliy foyda beruvchi ilmiy ishlanmalar va innovasion yechimlar orqali sohaning barqaror rivojlanishini ta’minlashdir.



