Oliy taʼlimda taʼlim grantlarini taqdim etish va qayta taqsimlash masalalari hamda “Kelajakka qadam” dasturi boʻyicha oʻquv seminari oʻtkazildi
2025-05-02 14:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Seminarda tegishli boʻlimlar rahbarlari tomonidan maʼlumotlar taqdim etildi va ishtirokchilar oʻrtasida faol fikr almashuvi boʻlib oʻtdi.
2025-yil 10-martda qabul qilingan 149-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori asosida oliy taʼlim muassasalarida davlat grantlarini tabaqalashgan tarzda qayta taqsimlash amaliyoti joriy etildi. Endilikda oʻzlashtirish koʻrsatkichi yuqori boʻlgan ijtimoiy faol talabalarga taʼlim grantlari toʻliq va qisman shaklda ajratiladi. Bunda grantlar taqdim etish jarayoni shaffoflik va xolislik tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar, xususan, kambagʻal oilalar reestriga kiritilgan oilalar farzandlari uchun qoʻshimcha grantlar va foizsiz taʼlim kreditlari ajratish kabi imkoniyatlar yaratildi.
Seminarning yana bir muhim mavzusi – “Kelajakka qadam” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻldi. Mazkur dastur doirasida bitiruvchi talabalarni ishga joylashtirish, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, ularga imtiyozli kreditlar berish va kasbiy amaliyotni tashkil etish yoʻnalishlarida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
2025-yil 14-fevraldagi Prezidentning PQ–61-son qarori ijrosi doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Oʻzmilliybank” AJ va Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida 2025-yil 17-mart kuni qoʻshma qaror imzolanib, “Kelajakka qadam” dasturini amalga oshirish ishlari tizimli ravishda yoʻlga qoʻyildi. Respublika boʻyicha 14 ta hududdagi 33 ta oliygohda “Kelajakka qadam” markazlari tashkil etildi. Bugungi kunda 189 ta oliy taʼlim muassasasi mazkur markaz bilan hamkorlik qilmoqda.
Tadbirda maʼlum qilinishicha, “Oʻzmilliybank” tomonidan bitiruvchi talabalar uchun 3 turdagi imtiyozli kredit mahsulotlari taqdim etilmoqda. Shuningdek, talabalarni ishga joylashtirishga koʻmaklashish maqsadida 69 ta oliygohda “Karyera kunlari” tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda 3 301 ta ish beruvchi va 78 930 nafar talaba ishtirok etdi. Natijada 12 070 nafar talaba bilan ishga qabul qilish boʻyicha shartnomalar imzolandi.
Oʻquv seminari talabalar uchun teng imkoniyatlar yaratish, kadrlar tayyorlash jarayonini samarali tashkil etish va bitiruvchilarni mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyalash borasidagi masalar muhokama qilinib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Mazkur amaliy seminar oliy taʼlim tizimidagi islohotlarni joylarda samarali amalga oshirish, tizim ishtirokchilari oʻrtasida oʻzaro muloqotni mustahkamlash hamda yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratish imkoniyatini berdi.









