Shahrisabzda ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi
2025-05-01 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Shahrisabz shahrida “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” doirasida ekologik va xayriya yo‘nalishidagi ommaviy yugurish marafoni tashkil etildi. Ushbu musobaqalar “Eco - Save Aral - 2025”, “Talaba yugur”, “O‘quvchi yugur” hamda “Inson uchun” shiorlari ostida o‘tkazildi.

Xususan, “Talaba yugur” marafonida viloyatdagi davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 4000 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi. Shundan 1000 nafari “Yugur” elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, yana 3000 nafarga yaqin yoshlar ixtiyoriy tarzda musobaqaga qo‘shildi.
Marafon yakunida finish chizig‘ini birinchilardan bosib o‘tgan talabalar pul mukofotlari ko‘rinishidagi sertifikatlar bilan taqdirlandi. Bunday sport tadbirlari yoshlarning ekologik ongini shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda ularni jamoatchilik faolligiga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.









