Iqtisodiyot sohasidagi sunʼiy intellektga ixtisoslashgan Ilgʻor muhandislik maktabi ish boshladi
2025-04-30 18:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Yangi muassasaning ochilish marosimi REU filiali tashkil topganining 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirlar doirasida boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qongʻirotboy Sharipov va Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy taʼlim vazirining oʻrinbosari Konstantin Mogilevskiy ishtirok etdi.
Ilgʻor muhandislik maktabi taʼlim, fan va innovatsiyaning uzviy bogʻliqligi asosida faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifalari — sunʼiy intellektni qoʻllab biznes jarayonlarini optimallashtirish, katta maʼlumotlar tahlili, iqtisodiy prognozlar yaratish va samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilishda yordam beruvchi texnologiyalarni rivojlantirish.
Shuningdek, IMM Rossiya va Oʻzbekiston mutaxassislari uchun qoʻshma ilmiy loyihalar ustida ishlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish va innovatsion yechimlarni hayotga tatbiq etish maydoniga aylanadi.
