Hamkorlikdagi yondashuv — huquqbuzarlikka qarshi samarali vosita
2025-04-29 20:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Yigʻilishda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Toshkent shahar prokurori Erkin Yuldoshev, Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Ravshan Sultonxoʻjayev, Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari Durdona Rahimova, shuningdek, barcha oliygoh rektorlari hamda yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektorlar ishtirok etdi.
Vazir Q. Sharipov oʻz nutqida talabalar oʻrtasidagi huquqbuzarliklarga koʻpincha ochiq muloqot yetishmasligi, ularning ichki dunyosi, muammolariga befarqlik sabab boʻlayotganini taʼkidladi.
– Barcha oliygohlari oldida — talabalar bilan yaqin muloqotda boʻlish, ularning tashvish va ehtiyojlarini doimiy eshitib borish, tezkor ravishda amaliy yordam berish vazifasi turibdi, — dedi Q.Sharipov. – Rektori nafaqat akademik jarayon uchun, balki har bir talabaning xavfsiz hayoti uchun ham masʼul. Yosh avlodning qalbiga yeta olish, unda ishonch uygʻotish va shu orqali uni jinoyatdan asrash burchimizdir.
Darhaqiqat, hozirgi murakkab axborot makonida yoshlar internet va ijtimoiy tarmoqlar taʼsiriga tez berilishi mumkin. Shu bois ularning maʼnaviy-maʼrifiy immunitetini shakllantirish, aqidaviy tahdidlarga qarshi muntazam targʻibot olib borish ham talab etiladi.
Qoʻshma yigʻilishda oʻtgan davr mobaynida oliy taʼlim muassasalari talaba-yoshlari oʻrtasida sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari, ularni kelib chiqishi sabablari va oqibatlari yuzasidan tahliliy maʼlumot taqdim etildi. Shuningdek, yigʻilish ishtirokchilariga mazkur salbiy holatlarni oldini olish, talaba-yoshlar oʻrtasida profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish hamda kelgusida oliy taʼlim muassasalari oldida turgan muhim vazifalar yuzasidan koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Yigʻilish davomida soʻzga chiqqan masʼullar huquqbuzarlikka qarshi kurashda har bir tashkilot, har bir pedagog va jamoatchilik vakili oʻz burchini sidqidildan ado etishi lozimligini taʼkidladilar. Shu tarzda, talabalar oʻrtasidagi salbiy holatlarning oldini olish va ularning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasini yuksaltirishga qaratilgan kompleks yondashuv samara berayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari, oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarini ishga joylashishiga koʻmaklashish hamda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlash yuzasidan Toshkent shahar “Milliy bank” va “Aloqa bank” boshqaruvchilarining axborotlari ham tinglandi.
Yigʻilish soʻngida barcha ishtirokchilar tadbirda muhokama etilgan masalalar yuzasidan oʻzlarining harakat rejalarini ishlab chiqishlari, talabalar oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini yanada keng koʻlamda olib borish borasida chora-tadbirlarni belgilab olishlari, bu jarayonga butun jamoatchilikni jalb etish boʻyicha aniq amaliy ishlarga oʻtishlari yuzasidan topshiriq berildi.









