Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi: taʼlim sohasidagi strategik hamkorlik yangi bosqichda
2025-04-25 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv chogʻida taʼkidlanganidek, Janubiy Koreya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik soʻnggi yillarda sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi. Bugungi kunda respublikamizda Janubiy Koreyaning Inha, Puchon, Adju universitetlari hamda Oʻzbekiston-Koreya xalqaro universiteti kabi 4 ta yetakchi universitet filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, ikki tomonlama universitetlararo kelishuvlar asosida oʻquv va ilmiy hamkorlik, stajirovka dasturlari, oʻqituvchilar malakasini oshirish hamda qoʻshma taʼlim dasturlari keng rivojlanmoqda.
Mazkur uchrashuvda kasb-hunar taʼlimi, muhandislik, innovatsion texnologiyalar, arxitektura, qurilish, qayta tiklanadigan energiya manbalari va “yashil iqtisodiyot” sohalarida kadrlar tayyorlash boʻyicha yangi yoʻnalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutida amalga oshirilgan qoʻshma loyihalar, jumladan, oʻquv-amaliy texnopark faoliyati doirasidagi natijalar yuqori baholandi.
Oʻzbekiston tomoni 2025-yilning ikkinchi yarmida Koreya Respublikasida Oʻzbekiston-Koreya universitetlari II-rektorlar forumini oʻtkazish taklifini ilgari surdi. Shu bilan birga, GKS (Global Korea Scholarship) stipendiya dasturlari uchun ajratiladigan kvotalar sonini oshirish masalasi koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, yil davomida har chorakda onlayn ishchi muloqotlarni oʻtkazish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Koreya bilan ilm-fan sohasida hamkorlikni kengaytirish va jadallashtirish, jumladan qo'shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, qo'shma ilmiy tanlovlar o'tkazish orqali olimlarni birlashtirish, ilm-fan sohasida tegishli hujjatlar imzolash borasida kelishildi.






