Toshkentda “Imkoniyatlar olimpiadasi” kasblar bellashuvi boʻlib oʻtmoqda
2025-04-23 17:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Bellashuv nogironligi boʻlgan fuqarolarning qobiliyat va koʻnikmalarini namoyon etishi uchun platforma boʻlib xizmat qilmoqda. Mazkur tanlov doirasida qatnashchilar fotografiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT), mobilografiya, tasviriy sanʼat, kashtachilik, kulolchilik, qandolatchilik, tornachilik, duradgorlik va quruq qurilish ishlari kabi 10 ta yoʻnalishda oʻz mahoratlarini sinab koʻrishmoqda.
Olimpiadada qatnashish istagida 389 nafar ishtirokchi maxsus onlayn platforma orqali roʻyxatdan oʻtdi. Har bir hududdan saralangan 50 nafar ishtirokchi tanlovning ochilish bosqichida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurdi. Ular orasida eshitish, koʻrish va tayanch-harakat tizimida muammolari mavjud boʻlgan shaxslar ham bor.
Bellashuvning dastlabki kunlarida ishtirokchilar AKT va fotografiya yoʻnalishlarida oʻz bilim va mahoratlarini namoyon etishdi. AKT boʻyicha ular Word, Excel va PowerPoint dasturlarida topshiriqlarni tez va aniq bajarishda oʻzaro bellashishdi. Fotografiya yoʻnalishida esa kamerani sozlash, yorugʻlik bilan ishlash, uskunalarni yigʻish hamda bir necha turdagi rakurslarda fotosuratlar olish kabi amaliy shartlar bajarildi.
Tanlovning ikkinchi kunida “Tasviriy sanʼat” yoʻnalishida ishtirokchilar “Mening shahrim” mavzusida ijodiy ishlar tayyorlashdi. Ularning asarlari kompozitsiya, bajarilish texnikasi, ranglar uygʻunligi, mavzuga mosligi va umumiy taassurot kabi beshta mezon asosida baholandi.
Shuningdek, mobilografiya yoʻnalishida ham ishtirokchilar oʻz ijodiy yondashuvlarini namoyon etishdi.
Bellashuvning birinchi bosqich yakunlariga koʻra, 8 nafar gʻolib 1-may kuni oʻtadigan final bosqichiga yoʻllanma oldi.
“Imkoniyatlar olimpiadasi”ning yakuniy bosqichi va gʻoliblarni taqdirlash marosimi 1–2-may kunlari boʻlib oʻtadigan “Inson uchun” respublika yarmarkasi doirasida tashkil etiladi.
Bellashuvlar davom etmoqda.









