Xotin-qizlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish masalasi muhokama qilindi
2025-04-22 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Yigʻilishda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rahbariyati, mahalliy hokimliklar, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, xotin-qizlar masalalari boʻyicha masʼullar, taʼlim sohasidagi mutaxassislar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Xotin-qizlarni oliy taʼlimga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar va rejalar muhokama qilindi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov yigʻilish ishtirokchilariga Prezident rahbarligida olib borilayotgan davlat siyosati doirasida xotin-qizlarning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlar yuzasidan batafsil maʼlumot berdi.
Aytilishicha, oxirgi besh yilda xotin-qizlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2,2 barobarga oshdi. Hozirda oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning 53 foizini, yaʼni 800 ming nafardan ortigʻini xotin-qizlar tashkil etadi.
Jumladan, ehtiyojmand xotin-qizlar uchun davlat grantlari, ish stajiga ega ayollar uchun kontrakt asosidagi maxsus kvotalar ajratilib kelinmoqda. Masofaviy, kechki va sirtqi taʼlim shakllari orqali turmushga chiqqan va ishlayotgan ayollarga ham oliy taʼlim olish imkoniyati yaratilgan. Imkoniyati cheklangan oilalar uchun stipendiyalar, imtiyozli taʼlim kreditlari, maqsadli qabul kvotalari ham amaliyotga joriy etilgan.
Bugungi kunga qadar kasbiy taʼlim muassasalarida 4 269 nafar xotin-qiz 15 ta yoʻnalish boʻyicha qisqa muddatli kurslarda oʻqitildi. 2024-yilda 208 ming nafar xotin-qiz oliy taʼlimga qabul qilingan boʻlib, ularning 23 ming nafari davlat granti asosida oʻqish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Magistraturaga esa 16,1 ming nafar xotin-qiz qabul qilindi.
Xotin-qizlar uchun ajratilayotgan davlat grantlari va kontrakt asosidagi maqsadli kvotalar, masofaviy va sirtqi taʼlim imkoniyatlari, imtiyozli taʼlim kreditlari, mentorlik dasturlari, “Xotin-qizlar taʼlimi markazlari” va boshqa tashabbuslar haqida alohida toʻxtalib oʻtildi.
Xususan, tizimida xotin-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni yanada kengaytirish maqsadida 2025-yilda masofaviy taʼlim shaklida oʻqish uchun 10 mingta kvota ajratish, ish stajiga ega xotin-qizlar uchun ajratiladigan kvotalarni 500 tadan 2500 taga yetkazish, davlat grantlari sonini 4 000 tagacha oshirish kabi tashabbuslar ham maʼlum qilindi.
Bundan tashqari, turli sabablarga koʻra oʻqishni toʻxtatgan xotin-qizlarni oliy taʼlimga qayta jalb etish, 11-sinf bitiruvchi qizlar oʻrtasida targʻibot ishlarini kuchaytirish, rektorlar tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun tayyorlov kurslarini tashkil etish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Yigʻilish yakunida Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga belgilangan vazifalarni toʻliq va tizimli amalga oshirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi. Vazirlik va oliy taʼlim muassasalari rahbarlariga ushbu vazifalarni samarali ijro etish boʻyicha aniq topshiriqlar yuklatildi.



