TDYU talabalari xalqaro musobaqalarda tarixiy natijalarga erishmoqda
2025-04-10 09:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Xususan, Javohir Miraliyev, Muhammadali Rahmonov, Nasiba Mirzahamdamova, Anisa Abdulxayeva va Bahriddin Sultonov a’zolaridan iborat “TSUL Jessup” jamoasi “Philip C. Jessup International Law Moot Court Competition” musobaqasida Markaziy Osiyo tarixida chorak finalgacha yetib borgan ilk jamoa bo‘ldi. Hindiston, Italiya, AQSH, Xitoy, Avstraliya kabi davlatlarning kuchli universitet jamoalarini ortda qoldirgan TDYU jamoasi dunyoning 160 dan ortiq jamoasi orasida kuchli sakkizlikdan joy oldi. Shuningdek, ular memorial yo‘nalishida quyidagi mukofotlarga sazovor bo‘lishdi:
“Alona E. Avans Award” — 9-o‘rin (161 jamoa orasida);
“M. Cherif Bassiouni Award” — 9-o‘rin (805 jamoa orasida).
Bundan tashqari, universitetning yana bir jamoasi Braziliyada o‘tkazilgan CPR Xalqaro mediatsiya musobaqasida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Professor Otabek Narziyev murabbiyligida ishtirok etgan Sarvarxon Nosirxonov, Madinabonu Abdulazizova va Roziyaxon Quchqorovadan iborat jamoa o‘zining muzokarachilik va nizolarni hal etish bo‘yicha yuqori ko‘nikmalarini namoyish etdi. Roziyaxon Quchqorova “Eng yaxshi mediator” nominatsiyasida birinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, TDYUning yana bir jamoasi Qozog‘istonda o‘tkazilgan “Legal English Competition — 2025” xalqaro musobaqasida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ular Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning nufuzli universitetlari jamoalarini ortda qoldirishdi.
9-aprel kuni universitetda xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan talabalar, ularning murabbiylari va oila a’zolarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar va ota-onalar ishtirok etdi. Muvaffaqiyat egalari, ularning murabbiy va yaqinlariga tashakkurnoma hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.









