Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri UrDUga tashrif buyurdi
2025-03-29 18:40:00 / Vazirlik yangiliklari

,29-mart kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetiga tashrifi chog'ida yoshlarning bandligini ta'minlash, o'z-o'zini mehnat faoliyati bilan jalb qilishga ko'maklashish maqsadida tashkil etilgan "Kelajakka qadam" markazi sharoitlari va faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Vazir markaz faoliyati bilan tanishar ekan, ushbu markaz bitiruvchilarga ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatlari yaratishi, master-klasslar va seminarlar yordamida mehnat bozorining zamonaviy talablari haqida talabalarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishi hamda yoshlar ijodkorligi va ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi lozimligini ta'kidladi.
Shundan so'ng, vazir oliygoh rahbariyati hamrohligida yangi barpo etilayotgan Axborot resurs markazining qurilish maydoniga borib, kutubxona loyihasi bilan tanishdi. Vazir talabalarga qulaylik yaratish hamda ularning yanada sifatli ta‘lim olishlari uchun o‘ziga xos zamonaviy tipda qad roslayotgan ushbu kutubxona binosining qurilish ishlarini ko‘zdan kechirar ekan, binoning jihozlanishi bilan bogʻliq o'z tavsiyalarini berdi.






