“Registrator ofisi” faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha seminar o‘tkazildi
2025-03-27 15:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda markaz mutasaddilari hamda barcha oliy ta’lim muassasalarining “Registrator ofisi” rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda “Registrator ofisi”ni namunali yo‘lga qo‘ygan Toshkent davlat texnika universiteti, Qarshi davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ofis rahbarlari tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Xususan, zamonaviy boshqaruv tamoyillari asosida “Registrator ofisi” faoliyatini optimallashtirish, inson resurslarini samarali boshqarish, talabalar uchun ta’lim jarayoni xizmatlarini yanada qulaylashtirish bo‘yicha muhim ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, ta’lim muassasalarida ma’lumotlar bazasi va akademik jarayonlarni avtomatlashtirish, xizmat ko‘rsatish tizimini raqamlashtirish va elektron boshqaruvga o‘tish va strategik rejalashtirish usullarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Seminar yakunida mas’ul tomonidan “Registrator ofisi” faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha qator tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.






