Asosiy kontentga o'tish

Sian neft universiteti delegatsiyasi bilan hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

2025-03-27 15:40:00 / Vazirlik yangiliklari

27-mart kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev va Energetika vaziri o‘rinbosari Azizxo‘ja Qobilovning Sian neft universiteti prorektori Chjan Junszyun boshchiligidagi delegatsiya bilan qo‘shma uchrashuvi tashkil etildi.

Uchrashuv davomida ikki davlat oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, neft-gaz va neft-kimyo yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash borasidagi ikki tomonlama kelishuvni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonda ilmiy-tadqiqot markazi va qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining Shensi viloyatidagi yetakchi neft-gaz sohasiga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi – Sian neft universitetining Oʻzbekiston Respublikasida filialini ochish masalalari muhokama qilindi.

Natijada, tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli memorandum loyihasini ishlab chiqish va qo‘shma ishchi guruh tashkil etishga kelishib oldilar. Shuningdek, Sian neft universiteti mutaxassislarining O‘zbekistonga tashrifi va akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.

Mazkur hamkorlik kelgusida neft-gaz sohasida malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

496

Oxirgi yangilanish: 2025-03-27 22:53:25

Sian neft universiteti delegatsiyasi bilan hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi