So‘ragan edingiz
2025-03-27 16:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Javob: O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuni (2002-yil 12-dekabr) va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 344-son qarori asosida oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun quyidagi tartib belgilangan:
Kunduzgi ta’lim talabalari – Oliy ta’lim muassasasida kunduzgi shaklda tahsil olayotgan talabalar o‘qishni tugatguncha harbiy xizmatga chaqirilmaydi. Ularning chaqirilish muddati o‘qishni tamomlagunga qadar kechiktiriladi.
Kunduzgi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar – safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga o‘z roziligi bilan olinishi mumkin. Bunday holatda talabalar iyul-avgust oylarida bir oylik harbiy yig‘inlarga jalb etiladi.
O‘qishdan chetlatilgan talabalar – agar talaba oliy ta’lim muassasasidan chetlatilsa, u chaqirilish muddati kechiktirish huquqidan mahrum bo‘ladi va harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin.
Muhim: Bu talablar barcha davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga birdek tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, harbiy xizmat sababli akademik ta’til olish tartibi ham mavjud. Vazirlar Mahkamasining 344-son qarori asosida, oliy ta’lim muassasalari talabalari harbiy xizmatni o‘tash uchun akademik ta’til olishi mumkin.
Akademik ta’til olish shartlari:
- Talaba harbiy xizmatni o‘tash uchun akademik ta’til so‘rab ariza yozishi kerak.
- Arizaga tuman (shahar) mudofaa ishlari organlaridan olingan chaqiruv qog‘ozi ilova qilinishi lozim.
- Akademik ta’til muddati harbiy xizmatning belgilangan davomiyligiga teng bo‘ladi.
- Oliy ta’lim muassasasi (filiali) rektori (direktori) rasmiy buyruq asosida akademik ta’til berishni rasmiylashtiradi.
Harbiy xizmatni o‘tash uchun akademik ta’til olayotgan talaba sirtqi, masofaviy yoki eksternat ta’lim shakliga o‘tkazilmaydi. Ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasining barcha oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etiladi.
Yuridik ta’minlash bo‘lim boshlig‘i
Farrux Fayziyev
