Inson resurslarini rejalashtirishning yangi tizimini joriy etish qaratilgan seminar oʻtkazildi
2025-03-19 14:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Shohruh Daliyev ochib, seminarning asosiy maqsadi vazirlik markaziy apparatida inson resurslarini rejalashtirishning yangi tizimini bosqichma-bosqich joriy etish ekanini taʼkidladi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mutaxassislari tomonidan ushbu tizimning amaliyotga samarali tatbiq etilishi uchun davlat idoralariga chiqib, ularga metodik va amaliy koʻmak berib kelinayotgani qayd etildi.
Seminar davomida agentlik mutaxassislari tomonidan inson resurslarini rejalashtirish tushunchasi va uning maqsadi, davlat organlarida ushbu yoʻnalishdagi muammolar, Strategik yondashuv asosida inson resurslarini rejalashtirishning afzalliklari va davlat fuqarolik xizmatida strategik HR menejment va profesiografik tahlil usullari haqida maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari bilan interaktiv fikr almashinuv va soʻrovnomalar oʻtkazildi.
Seminar davomida inson resurslarini boshqarishning yangi mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalar asosida avtomatlashtirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Shu nuqtayi nazardan, hrm.argos.uz platformasiga kiritilgan soʻnggi yangilanishlar va ularning amaliy qoʻllanilishi boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Mazkur seminar kadrlar boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, davlat organlarida strategik HR menejmentni rivojlantirish, shuningdek, davlat xizmatiga zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini tatbiq etish yoʻlida muhim qadam boʻldi.






