Hay’at yig‘ilishida oliy ta’lim tizimidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi
2025-03-15 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Jumladan, davlat buyurtmasini kengaytirish vazifasi ijrosi o‘laroq oliygohlarda grant asosidagi davlat buyurtmasi 25 mingtagacha oshiriladi. Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 3,5 ming nafar ehtiyojmand oila farzandlari grant asosida qabul qilinishi belgilandi.
Ta’lim sifatini oshirish va xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida 2025/2026-o‘quv yilidan davlat oliygohlarining tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlarida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish” fani joriy etiladi. Barcha o‘quv dasturlari TOP-300 talikka kirgan universitetlar dasturlari asosida takomillashtiriladi.
Kasbiy ta’lim va ilmiy salohiyatni oshirish yo‘nalishida kasbiy ta’lim tashkilotlarida malakali pedagoglar ulushini 35 foizga yetkazish, texnikumlardagi vakant direktor lavozimlariga ochiq tanlov asosida malakali kadrlarni jalb qilish choralari ko‘riladi.
Investitsiyalar va grantlarni jalb qilish maqsadida 2025-yilda tizim bo‘yicha 65 mln dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lsa, 1-chorak yakuniga kelib 8,6 mln dollar o‘zlashtirildi. Yirik oliygohlar tomonidan 20-30 mln dollar investitsiya jalb qilish va texnikumlarda eksport hajmini 1 mln dollarga yetkazish choralari belgilandi.
Korrupsiyaga qarshi kurash va shffoflikni ta’minlash tizimda faoliyat yuritayotgan har bir rahbar va xodimning asosiy vazifasi bo‘lishi shart. Hisobot davrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimi bo‘yicha 147 ta korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarlik qayd etilgan. Shu sababli davlat xaridlari jarayonlarini shaffoflashtirish hamda manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘riladi.
Yig‘ilish davomida Kamchiliklarga tanqidiy baho berildi. Xususan, ayrim oliygohlarda xalqaro ta’lim dasturlari va investitsiyalarni jalb qilish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi. Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti va Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetiga biriktirilgan mahallalarda amaliy ishlar boshlanmagani ta’kidlandi.
Hay’at yig‘ilishi yakunida mas’ul rahbarlarga barcha topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi. Ijro natijalari doimiy monitoring qilib borilishi ta’kidlandi.