Fransiyada “Ilm-fan va taʼlim: Oʻzbekiston – Fransiya koʻprigi” mavzusidagi qoʻshma konferensiyasi boʻlib oʻtdi
2025-03-10 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda O‘zbekiston va Fransiyaning 30 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, shuningdek, ilm-fan va ta’lim sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Fransiya Oliy ta’lim va tadqiqotlar vazirligi Yevropa va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha Oliy ta’lim va fan vaziri o‘rinbosari (Fransiya Respublikasi Milliy ta’lim, oliy ta’lim va tadqiqotlar vazirligi) Manuel Buar shuningdek, Fransiya va Oʻzbekistonning 30 dan ortiq oliy taʼlim muassasalarining rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni rivojlantirish, ayniqsa ilmiy-texnik va taʼlim sohalarida hamkorlikni mustahkamlashdir.
Tadbir doirasida qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish, talabalar almashinuvini kengaytirish boʻyicha 20 dan ortiq oliygohlararo shartnomalar imzolandi.
Parij shahridagi “InterContinental Paris - Le Grand” mehmonxonasida Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi taʼlim, fan va innovatsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etildi va unda Fransiya hamda Oʻzbekistonning taʼlim, fan, innovatsiya sohalaridagi yetakchi mutaxassislar, rektorlar, tadqiqotchilar hamda nufuzli universitetlar vakillari ishtirok etdilar.
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi videorolikning namoyishidan soʻng, tadbirning yalpi majlisi boshlandi.
Tantanali tadbirni Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Fransiya Oliy taʼlim va tadqiqotlar vazirligi Yevropa va xalqaro departamenti boshligʻi Maniel Boire ochib berdi.
— Oʻzbekiston va Fransiya oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan salmoqli tashabbuslarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda, — dedi Q. Sharipov. — Xususan, 182 nafar talabani qamrab olgan almashinuv dasturi, 36 nafar professor-oʻqituvchining tajriba almashinuvi, 108 nafar mutaxassisning malaka oshirishi va 10 ta qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.
Tadbirning ikkinchi qismida uchta yoʻnalish boʻyicha sessiyalar oʻtkazildi:
1. "Oʻzbek-Fransuz universiteti" mavzusidagi sessiyada Oʻzbekiston va Fransiya universitetlari oʻrtasida taʼlim va madaniy hamkorlikning strategik istiqbollari muhokama qilindi.
2. "Ilmiy-texnik hamkorlik" mavzusidagi sessiyada innovatsion taʼlim, ijtimoiy-gumanitar fanlar va energetika sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
3. "Madaniy meros va turizm" mavzusidagi sessiyada Fransiya va Oʻzbekistonning moda sanoati, tarixiy merosni asrash va rivojlantirish borasidagi hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratildi.
Tadbir yakunida “Oʻzbek modasi: anʼanalar va ilhom choʻqqilari” nomli milliy liboslar namoyishi tashkil etildi. Ushbu xalqaro konferensiya Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida taʼlim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratdi.


