Dual ta’lim – ta’lim tizimidagi sifatli islohot
2025-02-19 17:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastlab, Andijon tumani 3-son politexnikumida bo‘lib, dual ta’lim tizimining amaliyoti o‘rganildi. Politexnikum talabalari Uz-Sayemung Co. Koreya qo‘shma korxonasida dual ta’lim tizimi asosida tahsil olmoqda. Vazir ushbu korxonaga tashrif buyurib, yoshlarning o‘qish va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Ish beruvchilar bilan bo‘lgan muloqotda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash jarayonlarini takomillashtirish, ta’lim muassasasi va ishlab chiqarish sektori o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashildi.
Shundan so‘ng vazir Q.Sharipov O‘zAuto-Austem MCHJ qo‘shma korxonasiga tashrif davomida 4-son politexnikumi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Dual ta’lim tizimi asosida talaba-o‘quvchilarni o‘qitish, kasb-hunarga o‘rgatish jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.
Vazir zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, malaka oshirish dasturlari hamda amaliy mashg‘ulotlar bo‘yicha mutasaddilar bilan fikr almashdi.
Keyingi manzil Oltinko‘l tumani “Tortiq” mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, aholining yashash sharoitlari, infratuzilma va ijtimoiy muammolari tahlil qilindi.
Jumladan, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlikni rivojlantirish va davlat imtiyozlaridan foydalanish hamda aholining bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishga e’tibor qaratildi.
Aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ularning taklif va muammolari tinglandi. Shuningdek, fuqarolarga huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy ko‘mak berish mexanizmlari tushuntirildi.
Qayd etilganidek, dual ta’lim tizimini yanada rivojlantirish va mahallalarda ijtimoiy muhitni yaxshilashga qaratilgan ushbu o‘rganishlar yoshlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q. Sharipov Andijon viloyati, Oltinko‘l tumanidagi 5 ta mahallaga biriktirilgan bo‘lib, ushbu hududlarda yashash sharoitlarini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish va ijtimoiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish uchun mas’ul sanaladi.