“To‘maris izdoshlari” musobaqasi yo‘lga qo‘yildi
2025-02-18 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘tgan yili Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari yoshlari bilan uchrashuv davomida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti talabasi Rayhona Anorboyevaning talaba-qizlar o‘rtasida “To‘maris izdoshlari” loyihasini tashkil etish borasidagi taklifini qo‘llab-quvvatlagan edi.
Ushbu tashabbusni amalga oshirish doirasida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Markaziy harbiy okrugga qarashli 75061-harbiy qism hamkorligida “To‘maris izdoshlari” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Tanlovning birinchi mavsumida 18 nafar saralab olingan talaba-qizlar uchta jamoaga – “Nodirabegimlar”, “Barchinoylar” va “Bibixonimlar” jamoalariga bo‘lingan holda ishtirok etdilar. Ular harbiy estafeta, kamondan nishonga o‘q uzish va jamoaviy ishlashni talab qiluvchi “Team-building” shartlari asosida o‘zaro bellashdilar.
Musobaqa doirasida ishtirokchilar vatanparvarlik ruhini oshirish, harbiy xizmatning muhim jihatlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tadbir yakunida harbiy qism tomonidan tayyorlangan maxsus chiqishlar va ekskursiyalar tashkil etilib, bu esa ishtirokchilarda milliy armiyamizga bo‘lgan ishonch va sharaf hissini yanada mustahkamladi.
Mazkur loyiha kelgusida boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham joriy etilishi rejalashtirilmoqda.









