Rektorlar bilan investitsiya va eksport salohiyatini oshirishga bag‘ishlangan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-02-17 11:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yil 16-yanvar kuni davlatimiz rahbarida o‘tgan investitsiyalarni keng jalb etish va eksportni oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida investitsiyalarni jalb etish holati tanqidiy tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.
Belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarida xorijiy investitsiyalar va grant mablag‘larini jalb qilish, shuningdek, ta’lim eksportini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ochiq muloqot davomida oliy ta’lim muassasalarining investitsiya jalb qilish imkoniyatlari va mavjud muammolar tahlil qilindi. Davlatimiz rahbari topshirig‘iga muvofiq, har bir oliygoh xorijiy investitsiyalar va eksport salohiyatini oshirish yuzasidan aniq rejalarni ishlab chiqishi lozimligi ta’kidlandi. Shu maqsadda, Bosh prokuratura va vazirlik mas’ullaridan iborat ishchi guruh tashkil qilindi.
17-yanvar kuni oliygoh rektorlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda 2025-yilda yirik salohiyatga ega oliygohlar tomonidan 30 mln. dollargacha investitsiya jalb qilish va 10 mln. dollargacha eksport hajmini oshirish vazifasi belgilandi. Shuningdek, rektorlarning xorijiy safarlaridagi asosiy maqsad xorijiy investitsiya va grant mablag‘larini jalb etish bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
Uchrashuvda oliygohlar rahbarlarining takliflari tinglanib, mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha fikr almashildi. Shu bilan birga, tibbiyot sohasida ta’lim eksportini kengaytirish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ham bildirildi.
Yakunda Bahriddin Valiev tomonidan bildirilgan fikr va takliflar umumlashtirilib, Hukumat komissiyasiga taqdim etilishi ma’lum qilindi. Har bir oliygoh 1 kun muddatda o‘z imkoniyatlarini inobatga olgan holda aniq takliflarini tayyorlab, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etishi lozimligi ta’kidlandi.









