“Besh tashabbus” olimpiadasi 2025-yilgi mavsumiga start berildi
2025-02-15 12:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirni Sport vaziri Adkham Ikramov ochib, ushbu olimpiada qisqa vaqt ichida umummilliy harakatga aylanganini ta’kidladi. O‘tgan yili o‘tkazilgan ommaviy sport musobaqalarida 10 million yoshlar faol ishtirok etgani bu tashabbusning keng ommalashganini ko‘rsatadi.
Ochilish marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, Yoshlar ishlar agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxodjayev ishtirok etdilar.
Shuningdek, viloyat studiyalaridan mahalla yettiligi, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning avvalgi mavsum g‘olib va sovrindorlari, yoshlar, oliy ta’lim muassasalari talabalari, umumta’lim maktab o‘quvchilari, taniqli sportchilar va madaniyat xodimlari, shuningdek, hamkor tashkilotlar vakillari faol qatnashdilar.
Tadbirda so‘z olganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar. 2025-yilda aholining ommaviy sportdagi qamrovi 15 million nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Musobaqalar quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkaziladi:
- Mahalla yoshlari o‘rtasida – sportning 13 turi bo‘yicha 5 bosqichda;
- Nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida – adaptiv sport turlari bo‘yicha 3 bosqichda;
- Umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida – 9 ta sport turi bo‘yicha 3 bosqichda;
- Kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida – 5 ta sport turi bo‘yicha 3 bosqichda;
- Talabalar o‘rtasida – 5 ta sport turi bo‘yicha 4 bosqichda;
- Umumta’lim maktab o‘qituvchilari o‘rtasida – “Kasaba uyushmalari kubogi” uchun “Sog‘lom tanda - sifatli ta’lim” shiori ostida 3 bosqichda;
- Idora va tashkilotlar xodimlari o‘rtasida – sportning 5 ta turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.
Joriy mavsumda birinchi marotaba mahallalardagi 30 yoshdan katta bo‘lgan aholi uchun mini futbol, voleybol, stritbol, stol tennisi, vorkaut, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha 3 bosqichli musobaqalar tashkil etiladi.
Tadbirda “Besh tashabbus olimpiadasi” 2025-yilgi mavsumiga tantanali start berildi. Shundan so‘ng, loyihalarda ishtirok etish istagini bildirgan yoshlar 5tashabbus.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishdi.
Tadbir davomida “Besh tashabbus olimpiadasi” 2024-yilgi mavsumi doirasida eng faol hududlar, tuman va shaharlar rahbarlari hamda mas’ullar “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Tadbir ishtirokchilari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2025-yilgi mavsumi yuqori kayfiyat va keng qamrovda o‘tishini ta’kidladilar.









