Vazir “EWA” direktorlar kengashi raisi bilan uchrashdi
2025-02-13 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari

13-fevral kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Energiya va suv akademiyasi (“EWA”) direktorlar kengashi raisi Tamer Al-Sharxan bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Shirin energetika texnikumi, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi hamda “EWA” akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Jumladan, Shirin energetika texnikumida xalqaro ta’lim dasturlari asosida ichki va tashqi mehnat bozori uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha takliflar yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida texnikumning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, zamonaviy muhandis kadrlarni tayyorlash va bitiruvchilarni “ACWA Power” kompaniyasining O‘zbekistondagi elektr stansiyalariga ishga joylashtirish kafolatlanganligi alohida e’tirof etildi.
Bugungi kunda Shirin energetika texnikumida 595 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Bu yerda fizika, matematika, ingliz tili, kimyo va informatika fanlari ingliz tilida va maxsus dastur asosida chuqurlashtirilgan holda o‘qitilmoqda.
2024-2025 o‘quv yilida “Al-Jabr” loyihasi doirasida NOMAC dasturi (“2+1”, “2+2” modeli) bo‘yicha 30 nafar o‘quvchi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga xizmat ko‘rsatish” yo‘nalishini muvaffaqiyatli tamomlab, “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan ishga qabul qilindi.
Bitiruvchilar Toshkent, Samarqand, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “ACWA Power” kompaniyasining quyosh va shamol elektr stansiyalarida o‘z mehnat faoliyatlarini boshlaganlar.
Shuningdek, 2024-yil 16-oktabrdagi PF-158-sonli Prezident farmoniga asosan, Shirin energetika texnikumi Toshkent davlat texnika universitetiga biriktirilgani ta’kidlandi. Mazkur universitet muhandislik va texnika sohasida mamlakatimizning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi.
Tomonlar ushbu hamkorlik energetika sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishiga ishonch bildirishdi.



