Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida axborot va kiberxavfsizlik, “kibergigiyena” bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil etildi
2025-02-12 11:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Seminarning asosiy maqsadi – xodimlarning axborot xavfsizligi qoidalariga rioya etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda “kibergigiyena” madaniyatini shakllantirishdan iborat.
Tadbirda internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanish, axborot xavfsizligini ta’minlash va kiberjinoyatlardan himoyalanish choralari muhokama qilindi. Shu bilan birga, oliy taʼlim muassasalarida professor-o‘qituvchilar hamda talabalar o‘rtasida kiberxavfsizlik bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘quv-seminarda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi mas’ul xodimi ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi. U tinglovchilarga internetdan xavfsiz foydalanish qoidalari, kiberjinoyatlar turlari va ularning oldini olish usullari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Bundan tashqari, ishtirokchilarga kiberjinoyatlarning sodir etilish usullari, soxta axborotlarni aniqlash va moliyaviy firibgarliklardan himoyalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Seminar yakunida esa kiberjinoyatlar va ularning oqibatlari haqida maxsus tayyorlangan videoroliklar namoyish etildi.






