TATUda “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi ochildi
2025-01-30 18:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, shuningdek, universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Mazkur markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Markaz tarkibida:
📌“Milliy hunarmandchilik - milliy qadriyatlar” ko‘rgazmali poligoni;
📌 Said Ahmad va Saida Zunnunovaning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey;
📌 “Jadid bobolarimiz – Renessans poydevori asoschilari” muzeyi;
📌 “Yangi O‘zbekiston - yangicha dunyoqarash” ko‘rgazmali maskani;
📌 “Ijodkor yoshlar klubi” faoliyat yuritadi.
Tadbirda qayd etilganidek, ushbu maskan yoshlarning bilimga, kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni vatanparvarlik va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash hamda iqtidorini yuzaga chiqarish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, mehmonlarga markaz faoliyati, jumladan:
✔️Ijodkor yoshlar klubi;
✔️ Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari;
✔️ Zo‘ravonlikka qarshi va gender tenglik bo‘yicha guruhlar;
✔️ Psixologik ko‘mak xizmati haqida taqdimotlar namoyish etildi.
Tadbir yakunida yoshlar o‘z takliflarini bildirishdi. Ushbu takliflar vazirlar tomonidan inobatga olinib, tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.









