“WorldSkills Samarkand-2025” V milliy kasblar musobaqasi start oldi
2025-01-29 17:55:00 / Vazirlik yangiliklari

29-yanvar kuni mazkur bellashuvning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev, Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi boshqaruv raisi Farruxjon Jo‘rayev, ESABning Markaziy Osiyodagi rahbari Yekaterina Tatarinova, Shveysariyaning “Oʻzbekistonda kasbiy ta’lim islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasi rahbari Simone Strasburger, shuningdek, ish beruvchi korxona hamda tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar “WorldSkills Samarkand-2025” musobaqasi O‘zbekistonda ishchi kasblar rivojini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirib, ishtirokchilarga omad tilashdi.
Marosim davomida chempionat ishtirokchilari va ekspertlar qasamyod qabul qilib, o‘z kasbi bo‘yicha birinchi modulni bajarishga kirishdilar.
Musobaqada jami 146 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Ular Elektromontaj, Tibbiy va ijtimoiy g‘amxo‘rlik, Payvandlash texnologiyasi va Santexnika texnologiyasi kasblari bo‘yicha bellashadi. Chempionat 4-fevralga qadar davom etadi.
G‘oliblar xalqaro musobaqada qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar. Musobaqada 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga 2025-yilning 23–27-noyabr kunlari Tayvanda bo‘lib o‘tadigan “WorldSkills Asia Competition Taipei 2025” xalqaro kasblar chempionatiga yo‘llanma beriladi. Xalqaro musobaqaga 4 oy qolganda g‘oliblar o‘rtasida yakuniy sinov o‘tkazilib, eng kuchli ishtirokchi yakuniy bosqichda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: “WorldSkills” musobaqasi ilk bor 1947-yilda Ispaniyada Ikkinchi Jahon urushi natijasida vayron bo‘lgan davlatlarda yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida tashkil etilgan. Ushbu chempionat 2017-yilda Birlashgan Arab Amirliklarida, 2019-yilda esa Rossiyaning Qozon shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, har yili minglab yosh mutaxassislar o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazadi.