Ingliz tili fani o‘qituvchilari AQSHga malaka oshirish uchun yuboriladi
2025-01-17 21:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ushbu hamkorlik shartnomasi doirasida Termiz davlat pedagogika institutining 10 nafar xorijiy til o‘qituvchisi AQSHning Vestklif universiteti (Westcliff University)da malaka oshirish kursiga o‘qishga yuborish uchun saralandi.
Bugun, 17-yanvar kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev xorijga yuboriladigan professor-o‘qituvchilar bilan uchrashib, ularga malaka oshirish kursida o‘qish yo‘llanmasini topshirdi. Tadbirda institut rektori Aziz Hasanov va hamkor tashkilot mas’ullari ishtirok etdi.
Muloqotda vazirning birinchi o‘rinbosari ushbu amaliy ishlar Prezidentning tegishli qaroriga asosan Surxondaryo viloyatida xorijiy til fanidan milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ulushini 48 foizga yetkazish vazifasi ijrosini ta’minlash hamda oliygohlar xorijiy til o‘qituvchilarining zamonaviy va samarali ta’lim usullari borasidagi tajribalarini orttirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, ushbu amaliyotni boshqa oliygohlarda ham qo‘llash maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Malaka oshirish kursiga boradigan professor-o‘qituvchilar xorijiy tilni o‘qitish bo‘yicha ta’lim texnologiyalarini puxta o‘zlashtirishlari, Vestklif universiteti ta’lim dasturlari asosida o‘quv dasturlarini takomillashtirish borasidagi malakalarini boyitishlari, shuningdek u yerda egallagan bilimlarini institutdagi faoliyatlarida qo‘llashlari loyiha samarasini belgilab beradi.