Rasmiy munosabat
2024-12-28 22:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Kengashning asosiy faoliyat yo‘nalishlari ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida respublika oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, ta’lim sifatini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ularning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish, oliy ta’lim muassasalarining milliy va xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini muntazam tahlil qilib borish va ularni xalqaro reytinglarga kirishiga ko‘maklashish va boshqalar hisoblanadi.
Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Kengash bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Majlisda ishtirok etgan 208 ta oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari tomonidan muhokamaga qo‘yilgan fikr va mulohazalar hamda takliflar asosida kelgusida amalga oshiriladigan masalalar yuzasidan Kengash a’zolarining kollegial qarorlari qabul qilingan.
Muhokamaga sabab bo‘lgan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt shaklidagi o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning 4 foizini oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish majburiyati ko‘zda tutilmagan. Har qanday mablag‘ bilan bog‘liq harakatlar va munosabatlar tegishli shartnomalar asosida amalga oshirilishi mumkin.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligi shartnoma erkinligini kafolatlaydi. Kengash doirasida yoki qonunchilikka muvofiq bunday munosabatlarni majburlash uchun mexanizmlar mavjud emas. Shu bois, har qanday moliyaviy va huquqiy harakatlar tomonlarning ixtiyoriy kelishuvlari asosida amalga oshirilishi tabiiy holatdir.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarni nodavlat notijorat tashkilotning ichki ishi sifatida baholaydi.
Shuningdek, vazirlik har qanday moliyaviy harakatlar yoki manfaatlar poymol etilishi holatlari bo‘yicha murojaatlar qabul qilishga va ularni belgilangan tartibda ko‘rib chiqishga tayyorligini bildiradi. Barcha murojaatlar asosida tegishli choralar ko‘rilib, qonuniy manfaatlar himoya qilinishi ta’minlanadi.