Vazir: Talabalarning oʻz uylari, ota-onalari bagʻriga xavfsiz va sogʻ-salomat yetib borishiga har birimiz birdek masʼulmiz
2024-12-19 21:20:00 / Vazirlik yangiliklari
Yigʻilish davomida talabalarning qishki taʼtil davrini mazmunli tashkil etish, ularning taʼtilni o‘z oilalari davrasida o‘tkazishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalasi muhokama qilindi.
Qishki taʼtil boshlanishi munosabati bilan Toshkent shahridan hududlarga joʻnab ketadigan 118 mingga yaqin talabaning oʻz uylariga xavfsiz yetib borishi va qaytib kelishi uchun Transport vazirligi hamkorligida amaliy choralar koʻrilayotgani taʼkidlandi.
12-dekabrdan boshlab 50 foiz chegirmaga ega imtiyozli biletlar avia va temiryoʻl kassalari hamda avtovokzallarda sotish boshlangan bo'lib, qoʻshimcha ravishda Oʻzbekiston milliy, Toshkent davlat iqtisodiyot va Toshkent davlat agrar universitetlarida “Sayyor kassalar” tashkil etildi.
Bundan tashqari, 26-dekabrga qadar ehtiyojga ko‘ra Transport vazirligi bilan hamkorlikda qoʻshimcha avtobus hamda temir yoʻl poyezdlari qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.
Toshkent shahridan hududlarga bir yo‘nalishda joʻnab ketish istagini bildirgan talabalar soni 40 nafardan oshganda, Transport vazirligi tomonidan avtobus tashkil etib berilishi maʼlum qilindi.