Kasbiy ta’limni rivojlantirishda xalqaro hamkorlik natijalari muhokama qilinib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi
2024-12-06 21:20:00 / Vazirlik yangiliklari
6-dekabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirishga jalb qilingan 10 dan ortiq xalqaro hamkor tashkilotlarning 35 nafardan ortiq vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi rahbari Adham Xudoyqulov, Germaniya Federativ Respublikasining Toshkentdagi Elchixonasi hamkorlik bo‘limi rahbari Maykl Vimmer, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament rahbari O‘tkir Alijonov hamda xalqaro loyihalar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullar qatnashdi.
Yig‘ilish davomida kasbiy ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan YUNESKO, UNICEF, GIZ, Helvetas, Avestos, KfW, Darya kabi xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan 2024-yil davomida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar tahliliy hisoboti, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari xususida fikr almashildi.
Muloqotda loyihalar tomonidan joriy yilda dual ta’limni joriy qilish, kasbiy ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini yangilash, pedagog kadrlar malakasini oshirish kabi qator amaliy ishlar bajarilganligi alohida e’tirof etildi.
Xususan, YuNESKOning “O‘zbekistonning qishloq joylarida ishga joylashtirish ko‘nikmalarini rivojlantirish” loyihasi doirasida 4 ta texnikumga qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha texnika va jihozlar xarid qilindi va ta’lim muassasalarga yetkazib berildi.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimini isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash”grant loyihasi doirasida esa, pilot ta’lim muassasalarining 750 nafar pedagog kadrlari germaniyalik mutaxassislar tomonidan moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlik ko‘nikmalari asosida o‘qitildi.
Shuningdek, 2 ta kollej va 13 ta kasb-hunar maktabiga yengil sanoat yo‘nalishlari bo‘yicha tikuv mashinalari to‘plamlari, 9 ta kesish stoli, dazmollash dastgohi hamda 3 ta ko‘p funksiyali raqamli “Smartboard” yetkazib berildi.
Bundan tashqari, turli loyihalar doirasida 100 nafardan ortiq rahbar, xodim va pedagog kadrlarning xorijiy davlatlarda malakasi oshirildilar.
Yig‘ilish davomida, loyihalarning 2025-yil uchun rejalashtirilgan chora-tadbirlari muhokama qilinib, kasbiy ta’lim sohasida ta’lim dasturlarini takomillashtirish, yoshlar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish va mehnat bozori ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlashda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.









