Andijonda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar ko‘rib chiqildi
2024-12-05 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari
29-noyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Professional ta’lim tizimini rivojlantirish departamenti mas’ul xodimlari xizmat safari doirasida Andijon viloyatida bo‘lishdi. Safar davomida korxona va tashkilotlarda o‘quvchilarni dual ta’lim shaklida o‘qitish holati hamda ularga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.
Dastlab departament ma’sul xodimlari Andijondagi “UzSemyungKo” qo‘shma korxonasida bo‘lib, korxonada dual ta’lim shaklida kasb-hunar sirlarini o‘rganayotgan Andijon tuman 3-son kasb-hunar maktabining o‘quvchilari bilan suhbat o‘tkazishdi. Suhbatda o‘quvchilar avtomobil qismlarini ishlab chiqishga bo‘lgan qiziqishlarini bo‘lishdilar hamda yangi ko‘nikmalarni egallashda ustozlari yordam berayotganini ta’kidladilar.
So‘ng, Andijon shahridagi 2-son kasb-hunar maktabida yengil sanoat yo‘nalishida tashkil etilgan korxona faoliyati hamda u yerda o‘quvchilarga amaliyot o‘tash uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi.
Shuningdek, kasb-hunar maktabida o‘quvchilar ishtirokida xizmat ko‘rsatish va mahsulot ishlab chiqarish masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlashga kelishib olindi hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik borasida Andijon shahridagi 3-son kasb-hunar maktabi va Andijon transport texnikumida amalga oshirilgan ishlar, yoshlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha belgilangan yo‘l xaritalari bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Andijon viloyatidagi barcha kasbiy ta’lim tashkilotlarining 150 nafar direktorlari va o‘rinbosarlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-158-son Farmoni mazmun-mohiyati hamda Farmondagi ustuvor vazifalar bo‘yicha o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarda ishtirokchilarga farmon asosida ularga berilgan imkoniyatlar tushuntirildi hamda ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda Andijon viloyatida 65 ta kasbiy ta’lim muassasalari faoliyat olib bormoqda, ular 466 ta korxona va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, 4 611 nafar ta’lim muassasasida dual ta’lim shakli bo‘yicha o‘quvchilar o‘qitilmoqda.