“DARYA” loyihasin doirasidagi kelgusi ishlar kelishib olindi
2024-12-05 14:55:00 / Vazirlik yangiliklari
Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan tashrif buyurgan delegatsiyalar, Yevropa Ta’lim Fondining rahbari Pilvi Torsti xonim va “DARYA” loyihasi mas’ullari ishtirok etdi.
Yig‘ilish ochilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev ishtirok etib, “DARYA” loyihasi doirasida bugunga qadar amalga oshirilgan ishlarga alohida to‘xtaldi.
Xususan, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan 10dan ortiq onlayn/oflayn shakldagi seminar-treninglar, Yevropa tajribasini o‘rganish maqsadida Latviya Respublikasining Riga shahrida o‘tkazilgan “Skillman” xalqaro forumi, Latviya Ta’lim va fan vazirligi bilan hamkorlikda Milliy malaka tizimi bo‘yicha O‘rta Osiyo davlatlari vakillari uchun xalqaro tadbirlar pedagog kadrlarning salohiyatini oshirish, kasbiy standartlarni takomillashtirish va yangi o‘qitish metodlarini joriy etishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Yevropa Ta’lim Fondi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani ma’lum qilindi.
Tadbir dasturiga muvofiq ishtirokchilar yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, kasbiy ta’lim sohasida yoshlar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish va mehnat bozori ehtiyojlariga mos keluvchi raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalari yuzasidan fikr almashishdi.
Ma’lumot uchun: DARYA (Markaziy Osiyodagi resursli yoshlar uchun muloqot va harakatlar) - Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan birinchi mintaqaviy loyiha bo‘lib, u to‘liqligicha Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi yoshlar uchun mehnat bozorida dolzarb va inklyuziv ko‘nikmalarni rivojlantirish imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.