Xorazm viloyatining har bir tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi
2024-11-17 11:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov hamda vazir o‘rinbosari S.Buzrukxonov Urganch davlat universitetida Xorazm viloyatidagi oliy va kasbiy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda OTFIV Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi vakillari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazishdi.
Yig‘ilish Xorazm viloyatining har bir tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida tashkil etilganini boʻlib, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xorazm viloyatining 11 tumanining o‘sish nuqtalarini viloyatning oliy va kasbiy ta’lim muassasalari tomonidan aniqlanib, tumanlarda kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek Xorazmga 2 mln turist jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish lozimligi qayd etildi.
OTMlar o‘ziga biriktirilgan texnikumlar bilan birgalikda ishlab, shu hududning asosiy drayverini aniqlash va shu orqali muammolariga yechim topish lozimligi ta’kidlandi. Oliy ta’lim muassasasi yetakchiligida texnikumlarda markazlar tashkil etib, hududlar muammolarini oʻrganish va yechimlar topishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar qilish, innovatsion loyihalar ishlab chiqish tipshirigʻi berildi.
Qolaversa, ishlab chiqarish korxonalari, ish beruvchilar bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yish, oliy ta’lim muassasalari o‘ziga biriktirilgan har bir texnikumga bittadan chet el OTMini hamkorlikka jalb qilish, texnikumlarni raqamlashtirish, shuningdek, hududlarda ma’naviyat, vatanparvarlik, harbiy tayyorgarlik bilan bog‘liq yo‘nalishlar bo‘yicha ham chora-tadbirlar ishlab chiqish lozimligi belgilab berildi.
Yig‘ilishda Xorazm viloyatida suv tanqisligi muammosi mavjudligini hisobga olib, suv, ekologiya, chiqindilarni qayta ishlash, energiya tejamkorligi hamda hududni ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yechishga qaratilgan master planlar ishlab chiqish vazifasi topshirildi.