Asosiy kontentga o'tish

Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2024-11-15 11:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Yig‘iish davomida 2024-yilning 3-choragida kengash tomonidan amalga oshirilgan ishlar, tarkibdagi oʻzgarishlar, yangi aʼzolar, kelgusida Kengash faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilash, shuningdek, ijtimoiy loyihalar tanlovi asosida kelib tushgan loyihalarni amalga oshirish imkoniyati, vazirlik tomonidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga xulosa berish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Kun tartibiga koʻra, kengashning oʻtgan uch oy davomidagi faoliyati tahlil qilindi. Hisobot davrida kengash tomonidan 3 ta oliygohda oʻrganish olib borilib, abituriyentlar va talabalar oʻrtasida soʻrovnomalar tashkil etildi, shuningdek, 19-avgust kuni vazirlik tomonidan tashkil etilgan Toshkent shahri va viloyatidagi qator oliy taʼlim muassasalari boʻylab press-turda 40 dan ortiq jurnalist, bloger, ommaviy axborot vositalari vakillari va jamoatchilik kengashi aʼzolari ishtirok etdi.

Soʻng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 26-avgustda imzolangan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–124-son farmonida Jamoatchilik kengashi faoliyatiga doir masalalarga toʻxtalindi. 

Farmonning 8-band ikkinchi xatboshisiga ko‘ra kengash raisi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasidan boʻlish kerakligidan kelib chiqib, ushbu masalani qayta koʻrib chiqish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Shunga koʻra, Kengash raisi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri tavsiyasiga asosan Jamoatchilik kengashi raisligiga “Mahorat&Menejment” NNT ijrochi direktori Feruza Rashidova va rais oʻrinbosarligiga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori Ismoil Saifnazarov ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlandi.

Shuningdek, farmonga muvofiq joriy yil 1–15-noyabr kunlari Vazirlik tomonidan oʻtkazilgan fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari uchun oliy va kasbiy taʼlim, ilm-fan hamda innovatsiyalar sohalaridagi eng dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan ijtimoiy loyihalar tanloviga kelib tushgan loyihalar muhokama qilindi. 

Bugungi kunda oliy taʼlim tashkilotlarida toʻsiqsiz muhitni taʼminlashning yagona standartini ishlab chiqish, oliygohlar professor-oʻqituvchilari va xodimlarning inklyuziv taʼlimni joriy qilish borasidagi xabardorligini oshirish sohada mavjud dozarb masalalardan biri ekani inobatga olinib, “Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi” tomonidan taqdim qilingan ijtimoiy loyihani amalga oshirish imkoniyati ijobiy baholandi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala – Vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) orqali eʼlon qilingan hujjatlar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan kelgusidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, birgalikda turli tanlovlar tashkil qilish borasida fikr almashildi.

355

Oxirgi yangilanish: 2024-12-18 16:08:31

Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi