Kasbiy ta’lim muassasalari direktorlari uchun o‘quv seminarlari boshlandi
2024-11-11 19:50:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun, 11-noyabr kuni vazirlik huzuridagi Professional ta’limni rivojlantirish institutida Toshkent shahar hamda Toshkent, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarining 200 nafarga yaqin kasbiy ta’lim muassasalari direktorlari uchun seminar o‘tkazildi.
Dastavval, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev davlatimiz rahbari tomonidan kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish hamda uning faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha berilgan topshiriqlari ijrosini sifatli ta’minlashda barcha rahbarlar mas’uliyati yanada oshganini ta’kidladi.
“Ushbu hujjat bilan endilikda texnikumlarga 9-sinf bitiruvchilari ham qabul qilinadi. Shu bois, kasbga yo‘naltirishni ertadanoq boshlash lozim. Bunda o‘quvchilarga kasb egallashlari uchun yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlarni oson, qisqa vizual materiallar orqali yetkazish muhim”, — dedi Sh.Daliyev.
Seminar davomida ma’ruzachilar tomonidan Prezident Farmoni mazmun-mohiyati va uni amalga oshirish mexanizmi, ta’lim sifatini oshirish, ta’lim jarayonini samarali tashkil etish, mehnat bozori va ta’lim integratsiyasini ta’minlash yuzasidan taqdimotlar qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.