Turkiy davlatlar tashkilotining sanoat, fan, texnologiya va innovatsiya bo‘yicha birinchi vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2024-10-28 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari
2024-yil 26-oktyabr kuni Istanbul shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning sanoat, fan, texnologiya va innovatsiya masalalariga mas’ul vazirlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sh. Daliyev ishtirok etdi.
Yig‘ilishga Turkiya Respublikasi sanoat va texnologiya vaziri Mehmet Fatih Kachir raislik qildi. Shu bilan birga, tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev va a’zo hamda kuzatuvchi davlatlarning vazirlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sh. Daliyev o‘z nutqida ilmiy-tadqiqot hamkorligi, raqamli transformatsiya, texnoparklar va kosmik texnologiyalar kabi asosiy sohalardagi hamkorlikning ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash, turkiy mamlakatlarning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashi hamda tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekangligi bildirildi.
Yig‘ilish yakunida vazirlar tomonidan birinchi yig‘ilish Deklaratsiyasi imzolandi hamda sifatli infratuzilma, sanoatning yashil transformatsiyasi va sanoat zonalari kabi yo‘nalishlarda yangi hamkorlik platformalarini rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar rejasi qabul qilindi.
Turkiy davlatlar tashkilotining sanoat, fan va texnologiya vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi 2025-yili Ozarbayjonda o‘tkazilishi belgilandi.