“Yangi O‘zbekistonda ta’lim tizimini transformatsiya qilish, ta’lim sifatini oshirish pirovard maqsad sifatida” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi
2024-10-23 10:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Mazkur konferensiyada YUNESKOning O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Sara El Attar, Buyuk Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakilligi direktori Deniz Voddingxem ishtirok etmoqda.
Tadbirni oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov o‘z nutqi bilan ochib berdi:
– So‘nggi yillardagi oliy ta’lim tizimida asosiy e’tibor mamlakatimiz yoshlarini ta’lim olishi uchun keng imkoniyat va zarur sharoit yaratishga qaratildi. Biz ekologiya, qishloq xo‘jaligi, energetika, tibbiyot, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va mashinasozlik kabi strategik muhim sohalarda ilmiy-tadqiqot va ta’lim loyihalarini amalga oshirishga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.
Bu borada mehnat bozori uchun muhandis kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil qilmoqdamiz. Ushbu yo‘nalishlardagi loyihalarni ustuvor vazifa sifatida belgilab, ular orqali kelajakdagi barqaror rivojlanishga erishish va yuqori ilmiy-salohiyatli kadrlarni tayyorlashni maqsad qilganmiz.
Yangi O‘zbekistonda oliy va kasbiy ta’lim tizimini, shuningdek, fan va innovatsiyalar sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarimizni yanada mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirib boramiz.