RASMIY MUNOSABAT
2026-11-06 09:05:00 / Rasmiy munosabat

Umumtaʼlim muassasalarida oʻqituvchilarga dars soatlarini taqsimlash jarayoni Adliya vazirligida 2020-yil 30-iyunda 3271-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 15-bandi asosida amalga oshiriladi.
Unga koʻra, oʻqituvchilarga dars soatlarini taqsimlashda ularning malaka toifasi, dars beradigan fani boʻyicha ustama belgilashda inobatga olinadigan milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarga egaligi, shuningdek, maʼlumoti kabi mezonlarning ustuvor ketma-ketligi belgilangan.
Nizomning 16-bandiga ko‘ra, yuqoridagi koʻrsatkichlar ketma-ketlik asosida ustunlikka ega boʻlgan oʻqituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etilgan.
Maʼlumot uchun: maksimal dars miqdori yuqori sinf oʻqituvchilari uchun 30 soat, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari uchun 27 soat.
Hurmatli pedagoglar!
Taʼlim va ilm-fan vazirligi tomonidan oʻqituvchilarga dars soatlarini bir stavkadan ortiq taqsimlamaslik boʻyicha hech qanday ko‘rsatma berilmagan.
Agar dars soatlari taqsimotiga doir qonun buzilish holatlariga duch kelsangiz, vazirlikning qisqa 1006 telefon raqami orqali murojaat qilishingizni soʻraymiz.
