RASMIY MUNOSABAT
2026-11-04 10:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida yagona Nizom” ga koʻra, litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda litsenziyalovchi organ tashabbusi bilan toʻxtatib turilishi mumkin:
— litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligi aniqlanganda;
— litsenziat tomonidan litsenziyalovchi organning litsenziat zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarori bajarilmaganda;
— litsenziya berishda kelishiladigan organlar tomonidan oʻz vakolatlari doirasida oʻtkaziladigan oʻrganishlar jarayonida litsenziya va ruxsat etish sohasidagi talab va shartlar buzilish holatlari aniqlangan taqdirda, bir ish kuni ichida bu haqidagi xabarnoma va asoslovchi hujjatlar litsenziyalovchi organga taqdim etilganda.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish litsenziyalovchi organ yoki sud tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, mazkur Nizomga muvofiq, nodavlat taʼlim sohasida umumiy litsenziya talablari va shartlaridan biri sifatida:
— nodavlat taʼlim tashkilotlarining nomi, muhrlari, tamgʻalari, lavhalari, eʼlonlari, narxnomalari, ish qogʻozlarining matnlari va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida boʻlishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida tashkil etiladigan xorijiy taʼlim tashkilotlarining, shuningdek xalqaro tashkilotlarning taʼlim muassasalari filiallari (markazlari, taʼlim kampuslari) va boshqa boʻlinmalari bundan mustasno.
