Markaziy Osiyo xalqaro taʼlim forumi oʻtkaziladi
2026-10-17 12:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-sentyabrda taʼlim sohasini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida tashkil etilmoqda.
Anjumanda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonning taʼlim sohasi vazirlari, xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda taʼlim sohasi mutaxassislari ishtirok etishi kutilmoqda. Jami 1 500 nafardan ortiq ishtirokchining qatnashishi rejalashtirilgan.
Forumning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda qoʻshma tashabbuslarni ilgari surishdan iborat.
Tadbir dasturidan rasmiy ochilish marosimi, yalpi majlis, taʼlim vazirlarining davra suhbati va parallel sessiyalar oʻrin olgan. Muhokamalarda talabalar va professor-oʻqituvchilar akademik almashinuvi, qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, diplom va malaka hujjatlarini oʻzaro tan olish, qoʻshma ilmiy loyihalar va grantlar, taʼlim sifatini oshirish hamda oliy taʼlim tashkilotlarining xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalariga eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, forum doirasida “Study in Uzbekistan” taʼlim koʻrgazmasi tashkil etiladi. Unda Oʻzbekistonning taʼlim imkoniyatlari, oliy taʼlim tashkilotlari va taʼlim dasturlarini xalqaro auditoriyaga tanishtirish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish koʻzda tutilgan.
Forum yakunida akademik almashinuv, qoʻshma taʼlim dasturlari, ilmiy loyihalar va universitetlararo hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlarga erishish kutilmoqda.
Sana: 2026-yil 28-oktyabr.
Manzil: Toshkent shahri, “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi.
Forum haqida batafsil maʼlumot va roʻyxatdan oʻtish: forum.kasbedu.uz
Manba: Markaziy Osiyo xalqaro taʼlim forumining rasmiy veb-sayti.
Markaziy Osiyo xalqaro taʼlim forumi
