Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
2026-10-18 09:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur qaror mamlakatda yengil sanoat, dizayn va kreativ iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, xalqaro talablarga javob beradigan taʼlim tizimini shakllantirish hamda milliy moda sanoatining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi davlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi. Akademiya Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasi (Achadémie internationale de choupe de Paris) oʻrtasidagi qoʻshma taʼlim dasturi asosida tashkil etiladi.
Akademiyada oʻquv jarayoni 2026/2027 oʻquv yilidan boshlanadi. Talabalar amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq qabul qilinadi. Qoʻshma taʼlim dasturlari bilan bir qatorda, oʻz taʼlim dasturlari asosida bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.
Akademiyada moda dizayni, kiyim-kechak va toʻqimachilik mahsulotlarini loyihalash, milliy brendlarni rivojlantirish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, toʻqimachilik va yengil sanoat sohalarida talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Akademiyada ilgʻor xorijiy tajriba asosida talabalar uchun ishlab chiqarish korxonalarida amaliy koʻnikmalarni shakllantirish imkoniyatlari yaratiladi. Shuningdek, talabalarning malakali mutaxassislar va olimlar rahbarligida oʻquv hamda bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini tayyorlashi qoʻllab-quvvatlanadi.
2027/2028 oʻquv yiliga qadar dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish, toʻqimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalari uchun zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash nazarda tutilgan.
Shuningdek, Akademiya faoliyatida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, professor-oʻqituvchilar va talabalar akademik mobilligini rivojlantirish belgilangan. 2027-yildan boshlab oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralari ham koʻriladi.
Akademiyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy oʻquv va ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, axborot-resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ham qarorda belgilangan vazifalar qatoriga kiradi.
Mazkur akademiyaning tashkil etilishi moda va yengil sanoat sohalari uchun zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash, taʼlim bilan ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish hamda milliy mahsulotlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qarori.
