Pedagog xodimlarning farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasining 30 foizini qoplab berish bo‘yicha muhim savollarga javoblar
2026-10-15 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

1. 30 foizlik chegirma kimlarga beriladi?
30 foizlik chegirma pedagoglarning davlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan farzandlariga beriladi. Ushbu imtiyoz O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, shuningdek, O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tatbiq etiladi.
Bunda talabalar davlat oliy ta’lim tashkilotlarida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan bo‘lishi kerak.
2. Kontrakt pulini oldindan to‘liq yoki qisman to‘lagan bo‘lsam, chegirma olamanmi?
Ha, albatta. Agar siz kontrakt to‘lovini oldindan to‘liq yoki qisman to‘lagan bo‘lsangiz ham, 30 foizlik chegirmadan foydalanishingiz mumkin. Kontrakt pulining avval to‘langani ushbu chegirmani qo‘llashga to‘sqinlik qilmaydi.
3. Ariza berishdan oldin joriy o‘quv yili uchun kontrakt shartnomasi bo‘lishi kerakmi?
Ha, ariza berishdan oldin talaba yoki abituriyent uchun joriy o‘quv yiliga rasmiylashtirilgan to‘lov-kontrakt shartnomasi bo‘lishi kerak. Ya’ni, 30 foizlik chegirmani olish uchun tegishli o‘quv yiliga mo‘ljallangan kontrakt shartnomasi rasmiylashtirilgan bo‘lishi talab etiladi.
4. Yarim grant, yarim kontrakt asosida o‘qiyotganlarga ham chegirma beriladimi?
Ha, yarim grant, yarim kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarga ham 30 foizlik chegirma beriladi.
5. Super-kontrakt asosida o‘qiyotganlar chegirma oladimi?
501-son qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, 30 foizlik chegirma bazaviy to‘lov-kontrakt asosida, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan tegishli talabalar uchun belgilangan. Shuning uchun super-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalarga ushbu imtiyoz tatbiq etilmaydi.
6. Ariza qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?
Ariza oliy ta’lim tashkilotining registrator ofisi yoki to‘lov-kontrakt shartnomalarini rasmiylashtirishga mas’ul bo‘linmasi tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Agar ariza Nizom talablariga muvofiq bo‘lsa, tegishli shartnoma shakllantiriladi. Ariza rad etilgan taqdirda esa arizachiga rad etish sabablari ko‘rsatiladi.
7. Agarda mening shartnomam stipendiyali bo‘lsa, shu shartnoma summasining 30 foiziga chegirma beriladimi?
Agar talaba stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan bo‘lsa, 30 foizlik chegirma stipendiyasiz to‘lov-kontrakt summasidan kelib chiqib hisoblanadi. Bunda maxsus axborot tizimi stipendiyasiz kontrakt summasini avtomatik ravishda hisoblaydi va aynan shu summaning 30 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.
8. Ariza qabul qilingach, shartnoma summasi o‘zgaradimi?
Chegirma qo‘llanilganda to‘lov-kontrakt shartnomasining umumiy summasi o‘zgarmaydi, ammo shartnomaning tegishli bandlariga o‘zgartirish kiritiladi. Unga ko‘ra, shartnoma summasining 70 foizi talaba tomonidan to‘lanadi, qolgan 30 foizi esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
8. Ariza tasdiqlansa, pul darhol OTM hisobiga tushadimi?
Ariza tasdiqlanganidan keyin mablag‘lar oliy ta’lim tashkiloti hisob raqamiga darhol o‘tkazilmaydi. Oliy ta’lim tashkilotlari pedagoglarning farzandlari ro‘yxatini har yili 10-aprelga qadar Ta’lim va ilm-fan vazirligiga taqdim etadi. Mablag‘larni ajratish esa har yili 1-mayga qadar amalga oshiriladi.
10. Ariza topshirishning oxirgi muddati qachon?
Nizomga muvofiq, oliy ta’lim tashkilotlari pedagoglarning farzandlari ro‘yxatini har o‘quv yilining 10-apreliga qadar shakllantirishi belgilangan.
11. Bir o‘quv yilida necha marta ariza berish mumkin? Rad etilsa, qayta yuborish mumkinmi?
Chegirma bir o‘quv yili davomida pedagogning bir nafar farzandi uchun bir marta qo‘llaniladi. Agar ariza rad etilsa, rad etish sabablari ko‘rsatilgan bo‘ladi. Ushbu kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng arizani qayta yuborish mumkin.
12. Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatini qayerdan tekshirish mumkin?
Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlarning tasdiqlangan ro‘yxati bilan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 9-iyunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, 3849-sonli qarori orqali tanishish mumkin.
