“First Global Challenge - 2026” xalqaro robototexnika musobaqasi gʻoliblari taqdirlandi
2026-10-13 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ushbu natija bilan vakillarimiz qariyb 190 mamlakat yoshlarini birlashtirgan nufuzli musobaqada mamlakatimizning ilm-fan, muhandislik va texnologiyalar sohasidagi salohiyatini namoyon etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Robototexnika boʻyicha xalqaro musobaqa gʻoliblari va ularning murabbiylarini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi va shu kuni “Inno” innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkida xalqaro musobaqa gʻoliblari va ularning murabbiylarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayevlar ishtirok etib, musobaqa gʻoliblari va ularning murabbiylariga mukofotlarni tantanali ravishda topshirdilar.
Erkinjon Turdimov oʻz nutqida yoshlarning ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi yutuqlari mamlakat kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
“Bu eʼtirof mamlakatimizda ilmga intilgan, yangilik yaratishga qodir har bir yoshga bildirilgan katta ishonch hamdir. Sizlar yaratadigan texnologiyalar kelgusida ishlab chiqarishni rivojlantirishga, suv va energiyani tejashga, insonlar hayotini yengillashtirishga xizmat qilishiga ishonaman”, - deya taʼkidladi.
Darhaqiqat, nufuzli musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi ikki muhim yoʻnalishda oltin medalni qoʻlga kiritdi. Jumladan, Oʻzbekiston, Venesuela, Salvador va Moldova jamoalaridan tashkil topgan birinchi alyans finalda gʻalaba qozonib, musobaqaning Winning Alliance — gʻolib alyans maqomiga sazovor boʻldi. Shuningdek, terma jamoamiz musobaqada eng koʻp ball toʻplagan jamoa sifatida FIRST Global Grand Challenge Award bosh mukofotining oltin medalini qoʻlga kiritdi.
First Global — yoshlar oʻrtasida fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) yoʻnalishlarini ommalashtirishga qaratilgan xalqaro tashabbus. Tashkilot amerikalik ixtirochi, DEKA ilmiy-tadqiqot kompaniyasi prezidenti va Segway qurilmasi muallifi Dean Kamen tomonidan asos solingan First harakati bilan bogʻliq.
2026-yilgi musobaqada ishtirokchilar “Innovatsiyalarni alangalatish” mavzusi doirasida oʻrmon yongʻinlarining oldini olish, ularning oqibatlarini kamaytirish va tiklash ishlariga oid global muammolardan ilhomlangan robototexnika vazifalarini bajardilar. Shu tariqa yoshlar texnik bilimlarini amaliyotda qoʻllash, muammolarga innovatsion yechimlar topish va xalqaro jamoalarda ishlash tajribasiga ega boʻldilar.
Oʻzbekiston terma jamoasining gʻalabasi nafaqat sport va texnologik musobaqadagi natija, balki mamlakatimizda yoshlarning ilm-fan, muhandislik va zamonaviy texnologiyalarga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlarning muhim ifodasidir.









